Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov respublikaning uchinchi yirik shahri - Jalolobodning nomini Manas deb o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur hujjat 10-sentabr kuni Jo‘qorg‘i Kengesh tomonidan qabul qilingan. Qonunning asosiy maqsadi – milliy mafkurani mustahkamlash, xalq qahramoni Manas nomini abadiylashtirish va uni mamlakatning ramziy qadriyatlaridan biriga aylantirishdir.
Qonun imzolangan kundan 10 kun o‘tib kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Jalolobod shahri hokimi Ernisbek Ormokeev 3-sentabr kuni shahar nomini Manasga o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqan va deputatlar bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan edi. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, “Jalolobod” atamasi ilmiy manbalarda ishonchli izohga ega emas va asosan rivoyatlarga tayanadi.
Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish ishlari bo‘yicha davlat agentligi ham bu o‘zgarish tashabbusini shaharliklar murojaati asosida ma’qullagan.


