Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qurilish maydonchasida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Hodisa 16-sentabr kuni Rossiya Oliy sudi binosi qurilishida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ishchi 15 metr balandlikdagi iskala ustida ishlayotganda muvozanatini yo‘qotib yiqilib tushgan. Shifokorlar yetib kelguniga qadar u olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Shimoli-g‘arbiy viloyatlararo mehnat inspeksiyasi xabarida aytilishicha, marhumning ish beruvchi tashkiloti bilan rasmiy mehnat shartnomasi mavjud bo‘lmagan. Tekshiruv davomida, shuningdek, mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilinmaganligi ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mehnat inspeksiyasi rahbariyatining qayd etishicha, baxtsiz hodisaga asosiy sabab sifatida shaxsiy himoya vositalarining yetishmasligi, balandlikda ishlarni tashkil etishdagi kamchiliklar va jamoaviy xavfsizlik choralarining sustligi ko‘rsatilmoqda.
Hodisa yuzasidan maxsus surishtiruv o‘tkazilmoqda.


