Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi bir nechta bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlangani xaqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bolalarda oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanish holati haqiqatda aniqlangan. Ayni paytda ular shifoxonaga yotqizilib, malakali shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda va ularning sog‘ligi to‘liq tibbiy nazoratga olingan.
“Muhimi, og‘ir holatlar qayd etilmadi va o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar bilan holatning oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, autsorting asosida yetkazib berilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlaridan namuna olinib, sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ekspertizaga yuborildi.
Laborator tahlil natijalari belgilangan tartibda eʼlon qilinib, jamoatchilikka qo‘shimcha maʼlumot taqdim etiladi”, - deyiladi xabarda.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabagacha taʼlim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.


