Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida "Sen kuchlisan" ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etilgan bemor bolalar ijodiga mansub sanʼat asarlari ko‘rgazmasi davom etmoqda.
Jumladan, bolalarning davolanishiga hissa qo‘shish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limi boshliqlari, yoshlar yetakchilari ushbu ko‘rgazma atrofida jam bo‘ldi.

“Sen kuchlisan” xayriya tadbiri doirasida 100 nafardan ortiq bemor bola tomonidan chizilgan 800 dan ortiq surat namoyish qilindi. Jarayonda bolalar tomonidan chizilgan 15 ta surat auksionga qo‘yildi.
"Og‘ir dard bilan kurashib kelayotgan bolajonlarga va ularning yaqinlariga moddiy hamda maʼnaviy ko‘mak berish maqsadida tashkil qilgan mazkur aksiyada jamoamiz hamda hududlardagi yoshlar vakillari bilan ishtirok etdi. Bemor bolajonlar chizgan suratlarga boqib, ular orasidan katta iqtidor egalari yetishib chiqishiga umid qildim. Auksiondagi o‘n ikkita bolaning barmoq izlari tushirilgan surati meni juda qattiq taʼsirlantirdi. Hozirda ularning bittasi hayot ekan. Tilagim, bu bolajonlar tezroq sog‘ayib, ota-onasini quvontirsin", — deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov.
Yoshlar vakillari suratlarni ko‘ngilli ravishda sotib olib, bolalarning davolanishiga hissa qo‘shishga harakat qilmoqda.



