Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar "Shukrona" mahallasida yashovchi 13 yoshli qizning o‘limi yuzasidan jinoiy ish ochildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro S.M. 3 iyul kuni soat 19:00 da uyga kelgan. U uyning mehmonxonasida qizining yerda yotgan jasadini ko‘rgan. Bu haqda Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga xabar bergan. Hodisa sodir bo‘lgan joy tezkor-tergov guruhi bilan ko‘zdan kechirilganda, hodisa joyidan barmoq izlari, ikki dona yostiq, ikki dona pivo spirtli ichimligi idishi va ikki dona qulflar ashyoviy dalil qilib olingan.
Qizning murdasi tashqi tomondan ko‘zda kechirilganda, peshona va sonlarida ko‘kimtir qontalashlar, qornida ko‘ndalang chiziqli shilinma jarohatlari borligi aniqlangan. Sud tibbiy ekspertizasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qizning o‘limiga bo‘g‘ish oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan, Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoiy ish ochilgan. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsni qidirib topish bo‘yicha viloyat IIB ga alohida topshiriq belgilangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.


