1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

"150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas" — Senat raisi

Senatorlar tomonidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.

"150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas" — Senat raisi

 

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan maʼmuriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

 

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish mexanizmlari yana-da takomillashtirilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida ijro jarayonlarini amalga oshirishda aholiga keng qulayliklar yaratilmoqda. Ammo amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ijro hujjatlari ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolgan. 

 

Xususan, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan maʼmuriy jarima qo‘llanishi, ushbu jarimaning miqdori esa Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

 

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsa-da, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotganiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganiga alohida eʼtibor qaratdilar.

 

“150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish – bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, yaʼni fuqaroga qo‘llanadigan huquqiy taʼsir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli bo‘lishi kerakligi qoidasiga mutlaqo zid.

 

Yoki maʼmuriy jarimalarni MIBning istalgan ijrochisi emas, balki faqat rahbar xodimlari qo‘llashi mumkinligiga oid norma ham eʼtiborga molik deb hisoblaymiz. 

 

Fuqarolar manfaatlaridan, qolaversa ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib, qonunlarimizdagi bu kabi holatlar o‘z vaqtida bartaraf etilayotgani bugungi kun talabiga, fuqarolarimiz manfaatlariga javob beradi”, — deya taʼkidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva.

 

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilyapti. Xususan, qo‘llanadigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

 

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda maʼmuriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekani belgilanmoqda.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика