
Yaqinda yana bir ana shunday holat aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nurbek Salomov Zamon.uz‘ga maʼlum qildi.
Xabarga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklaridan yuk avtotransport vositasida keltirilayotgan, hujjatlarga ko‘ra 48 ming 341 AQSH dollari qiymatidagi salkam 26 tonna og‘irlikdagi parfyumeriya vositalari dastlab Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududiga kirgan.
Tranzit tarzida harakatlanayogan mazkur yuklar qo‘shni davlatga chiqishi uchun Farg‘ona viloyatidagi “O‘zbekiston” chegara bojxona postiga yo‘naltirilgan.
Mazkur yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Angren shahri hududida bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, parfyumeriya vositalarining katta qismi yo‘lda tushirib qoldirilgani maʼlum bo‘ldi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan qiymati salkam 15,3 milliard so‘mlik 95 ming 577 dona parfyumeriya vositalari poytaxtimizning Sergeli tumanida noqonuniy ravishda tushirib qoldirilgani aniqlandi.
Ushbu tovarlarning egasi aniqlanib, unga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi. Ayni paytda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan avval Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan cifati kafolatlanmagan dori vositalari muomalaga kirishining oldi olingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva


