Erta tongda dadam qo‘ng‘iroq qildi. Odatda, dadam azonda yoki kech bo‘lganda zarur ishlari bo‘lmasa, bizni bezovta qilmaydi. Ming havotir bilan salomlashdim. Salom-alikdan so‘ng, dadamning ilk gapi:
— Qizim, tinchmisizlar? Opang ham yaxshimi, — degan gap bo‘ldi. Dadam ziyoli inson bo‘lgani uchun gap nima haqidaligini anglagandek bo‘ldim. — ...Mayli, tinch bo‘linglar, har bir mavzuga ehtiyotkorlik bilan qaranglar, — deya allanechuk xavotir bilan gapini yakunladilar. Demak, kecha ikki jurnalist bilan bog‘liq vaziyat farzandi jurnalist bo‘lgan har bir ota-onaning yuragini behalovat qilgan aniq...
Jurnalistlarning ichki ishlar organlari axborot xizmatlariga bog‘lanishi bu masalaning (huquqiy) yechimi emas
Kecha kun davomida Oyina.uz portali bosh muharriri o‘rinbosari Inobat Ahatova hamda Gazeta.uz nashri fotomuxbiri Shohruh Haydarovning ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan fikri uchun yaqinlari IIB xodimlari tomonidan chaqirilgani jamoatchilik faollari orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, bloger va Adliya vazirligi xodimi Shahnoza Soatova, jurnalist Aziza Qurbonova ham fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ham holat yuzasidan shaxsiy fikrlarini bildirib, hammasi qonuniy bo‘lishi kerak yoki turli usullar bilan fuqarolarni bezovta qilishni qonun bilan taqiqlash kerakligini ta’kidladi.
“Bir necha bor teleko‘rsatuvlar va bosma nashrlardagi chiqishlarimda bu haqda ko‘p bor ta’kidlagan bo‘lsamda, yana bir bor takrorlayman — ommaviy axborot vositalari vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki axborot olishiga monelik ko‘rsatish holati bo‘yicha javobgarlik masalasi qonunlarda aniq va tiniq mustahkamlab qo‘yilishi kerak.
Jurnalistlarning ichki ishlar organlari axborot xizmatlariga bog‘lanishi bu masalaning (huquqiy) yechimi emas. Ya’ni xoh OAV vakili bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro bo‘lsin ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan fikri uchun davlat organlari tomonidan rasmiy chaqiruv yuborishdan boshqa barcha noqonuniy usullar bilan bezovta qilinishini qonun yo‘li bilan taqiqlash lozim”, — dedi Olimjon O‘sarov.
Dard ustiga chipqon
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Twitter sahifasida buni “o‘zi xalqning sabr-kosasi to‘lib turganda, dard ustiga chipqondek” bo‘lib turgani haqida yozdi.
Inobat Ahatovaning (ikkinchi) posti, ya’ni voqealar xronologiyasi haqida ma’lum qilganidan so‘ng ko‘pchilikning xavotiri biroz tarqagandek bo‘ldi. Jurnalist blogerlar, feysbuk faollarining ham reaksiyalari juda tez bo‘lganini ta’kidlab, hamjihatlik, qo‘llov uchun do‘stlari, faollarga alohida minnatdorlik bildirgan.
“...Men bilan IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov bog‘lanib, vaziyat haqida surishtirdi, holatga aniqlik kiritishini bildirdi. Samarqand viloyat IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev ham aloqaga chiqib gaplashdi.
Bu onam bilan suhbatlashgan ichki ishlar xodimining xatosi ekanligi aytildi. Vahimaga o‘rin yo‘qligi, tizimda tajribasiz xodimlar ham borligi aytilib, yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘rashdi.
Kunning ikkinchi yarmida men bilan tuman IIB boshlig‘i Bahodir aka ismli inson bog‘lanib, yuzaga kelgan vaziyat uchun xodimlari nomidan uzr so‘radi. Avvalo, vahimaga tushgan ota-onam, oilamga vaziyatni tushuntirishi, ularni ovora qilgani uchun o‘zlaridan uzr so‘rashi kerakligini aytdim. Bahodir aka onam va akamga qo‘ng‘iroq qilib hech qanday muammo yo‘qligini ma’lum qilibdi va ulardan yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘rabdi.
Gʻiyosov bayonotiga ko‘ra, bu holat hududiy IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashishlari so‘rab, yaqinlarim bilan suhbat uyushtirilgan. Bu jumlalar mazmunini unchalik tushunmadim, ochig‘i.
Aynan qaysi postimga nisbatan bu suhbatlar bo‘ldi, degan savolimga aniq javob bo‘lmadi. Post ham emas oddiy izoh, boshqa insonning posti ostidagi komment degan mujmal javoblar oldim. Skrin va link so‘radim, berishmadi.
Qisqasi, bugungi voqealar xronologiyasi shulardan iborat. Befarq bo‘lmagan barchaga rahmat. Umid qilaman bu vaziyat hech biringiz bilan takrorlanmaydi. Yaqinlaringizni asrang!”, — deya postini yakunlagan Ahatova.
Tan olaylik, qishloq sharoitida odamlar eshik taqillatib kelgan har qanday formali xodimdan cho‘chishadi. Salom ham berish esdan chiqib, mehmonni “tinchlikmi” deya qarshi oladi. Shunday ekan, bugun erkin so‘z, erkin fikr deya bong urayotgan bir pallada jurnalistlarning o‘zi qolib, ota-onalarning bezovta qilinishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan holat. Shunday ekan, haq so‘zni aytayotgan jurnalist va blogerlar (ayniqsa, ularning ota-ona va yaqinlari)ni bezovta qilishni bas qilish vaqti keldi.


