Bloger Bahodir Ahmedovning telegram kanalida aviakompaniya xodimining “til bilmasligi” sabab O’zbekistondan Kanadaga uchmoqchi bo’lgan yo’lovchining safari bekor qilingani haqida xabar joylandi. Mazkur xabar muallifi Rahmatilla Isroilov voqeani quyidagicha bayon qilgan:
“Bir tanishim bugun soat 6:15 da “Uzbekistan airways” orqali Tashkent-Frankfurt-Kalgari-Edmonton (Kanada)ga uchib kelishi kerak edi.
Lekin do‘stimiz “Tashkent xalqaro aeroporti” xodimining qo‘pol xatosi sababli uchib keta olmadi. Gap shundaki, aeroport immigratsiya xodimi do‘stimizga hozirda Kanadaga kirish mumkin emasligini, 22-dekabr kuni qonun chiqqanini aytib, uchishga ruxsat bermagan.
Natijada samolyot uchib ketgan. Do‘stimiz Kanada immigratsiya saytida 15-dekabr kuni yangilangan va joriy qilingan tartib-qoidalarida to‘liq vaksina olgan immigrantlar kirishi mumkinligini, agar to‘liq vaksinalanmagan bo‘lsa, 14 kun karantinda o‘tirish kerakligini, Kanadaga kirishga hech qanday to‘siq yoki cheklov yo‘qligini aytgan.
Immigratsiya xodimi esa “bizdagi qonun faqat bizga kelgan”, deb do‘stimizning gapini inkor qilgan. Tanishim ulardagi qonunni ko‘rsatishini talab qilganda 15-dekabrda yangilangan qonunni ko‘rsatishgan. Ammo saytdagi ma’lumotda xalqaro keluvchilarga hech qanday taqiq qo‘yilmaganini ko‘rishingiz mumkin.
Belgilangan tartib bo‘yicha hozirda har qanday international fuqaro Kanadaga kirishga haqli, agar to‘liq vaksinalangan bo‘lsa, 14 kunlik karantin ham shart emas. Do‘stimiz “Moderna” vaksinasi bilan to‘liq emlangan.
Aeroport xodimining ingliz tilini bilmasligi, yozib qo‘yilgan qonunni tushunmasligi sabab bir inson sarson bo‘lmoqda.
Do‘stimiz aeroport xodimining boshlig‘ini oldiga kirib nima bo‘lganini aytadi. Boshliq esa “Turkiya orqali bilet olib ketaverishini, uyidagilari esa ariza yozsa ,$1800 bilet pulini qaytarib berishlarini aytib, xayrlashgan.
Xullas, 1800 dollarlik bilet egasiz uchib ketdi. Bilet egasi esa sarson. Kanadada esa uni oilasi kutmoqda…
Savol: "O‘zbekiston havo yo‘llari" bu holatni qanday izohlaydi? Qachongacha fuqarolarimiz monopol tashkilotdan aziyat chekishadi? Nega xalqaro aeraportning xodimlari ingliz tilini bilmaydi?
"Uzbekistan airways" xatosini bilgandan so‘ng ham nima uchun fuqaroga o‘z hisobidan bilet olib, uni manziliga kuzatib qo‘ymaydi?"


