Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini bosh qismidan jarohatladi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshloq tumani IIB profilaktika inspektori katta leytenant A.U. 2022 yilning 5-dekabrida tungi xizmatdan chiqib, tuman IIBda o‘tkazilgan ertalabki yo‘riqnomaga kelmagan hamda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan.
O‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida katta leytenant A.U. yashash xonadonidan taxminan 3 kilometr uzoqlikdagi Besarang qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi «Katta Farg‘ona» kanali yoqasidagi yo‘lining chetida, o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark rusumli avtomobilida o‘ziga biriktirilgan “PM” tabel quroli bilan bosh qismidan jarohatlangan, koma holatda topilgan va zudlik bilan tibbiy muassasaga joylashtirilgan.
Aniqlanishicha, xodim ijtimoiy tarmoqlarning 1xbet ilovasidan foydalanib, 2022 yilning avgust oyida 45 million so‘m yutqazgani uchun, qarzdorlik muammosi hal etilib, intizomiy tartibda jazolangan hamda viloyat IIB qoshidagi Intizomiy kengashning nazoratida bo‘lgan.
Hozirda holat viloyat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.


