Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 mln miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bu bo‘yicha Prezident farmoni eʼlon qilindi.
“Mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 000 000 (o‘n sakkiz million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin”, — deyiladi farmonda.
Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlaydi.
Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklatilgan.