Kecha, 30-dekabr kuni “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram-kanalida xabar berildi.
Qonun bilan 2023-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarining belgilangan miqdorlari Qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.
O‘zbekiston byudjet tizimi byudjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:
—respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
—3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston nomidan va O‘zbekistonning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.
2023-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.
Qonunga ko‘ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:
—jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
—jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
—mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek YATTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
—suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
—noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.
Qonun 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.


