Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) e’lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, 2025-yil davomida butun dunyoda kamida 128 nafar jurnalist hayotdan ko‘z yumgan. Halok bo‘lganlarning 10 nafari ayollar bo‘lib, bu raqam o‘tgan yilga nisbatan oshgan.
IFJ rahbari Entoni Bellanjening ta’kidlashicha, bu holat jurnalistlar uchun xavf darajasi tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda 122 nafar jurnalist halok bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich yanada oshgan.
“Deutsche Welle” ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar orasida to‘qqiz nafar jurnalist baxtsiz hodisalar oqibatida vafot etgan. Qolgan holatlarning aksariyati esa qurolli to‘qnashuvlar, siyosiy beqarorlik va zo‘ravonlik bilan bog‘liq.
IFJ jurnalistlar eng ko‘p nishonga olinayotgan hudud sifatida Yaqin Sharq va arab davlatlarini tilga oldi — barcha o‘lim holatlarining 58 foizi aynan shu mintaqalarga to‘g‘ri keladi. Xususan, 2025-yilda Yamanda 13 nafar, Ukrainada 8 nafar, Sudanda esa 6 nafar jurnalist halok bo‘lgan.
Tashkilot hukumatlarni ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilish borasida sustkashlikda ayblab, 2026-yilda zo‘ravonlik va jazosizlikka barham berish uchun keskin choralar ko‘rishga chaqirdi.
IFJ 1990-yildan buyon jurnalistlar o‘limi bo‘yicha hisob yuritib keladi. Shu vaqt ichida dunyo bo‘ylab jami 3 173 nafar jurnalist halok bo‘lgani qayd etilgan. Bundan tashqari, 2025-yil oxiriga kelib, 533 nafar jurnalist turli mamlakatlarda qamoqda saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qayd etish joiz, turli xalqaro tashkilotlar keltirayotgan raqamlar bir-biridan farq qiladi. Masalan, “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) 2025-yilda 67 nafar OAV xodimi halok bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, YUNESKO bu raqamni 93 nafar deb baholagan.


