O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi 2025-yilning yanvar–noyabr oylarini qamrab olgan ma’lumotlar asosida mamlakatga tashrif buyurgan o‘rtacha xorijiy sayyohning statistikasini taqdim etdi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yil davomida O‘zbekistonga dunyoning qariyb 200 mamlakatidan sayyohlar tashrif buyurgan. Umumiy ko‘rsatkichlarga muvofiq, mamlakatga kelayotgan xorijiy sayyohlarning asosiy qismini 31–55 yosh toifasidagi erkaklar va ayollar tashkil etmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkak sayyohlar soni ustunlik qilgan bo‘lib, ularning umumiy soni 5,85 million nafardan oshgan. Ayol sayyohlar esa 4,9 million nafarni tashkil etgan.
Yosh tarkibi bo‘yicha eng katta ulush 31 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan sayyohlarga to‘g‘ri kelib, ularning soni 5,4 million nafardan ortiqni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda 56 yosh va undan yuqori bo‘lgan sayyohlar bo‘lib, ularning soni 2,18 million nafarga yetgan.
Shuningdek, 19–30 yosh oralig‘idagi yoshlar soni 1,75 million nafarni, 0–18 yoshdagi bolalar va o‘smirlar esa 1,38 million nafarni tashkil etgani qayd etilgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganini va turli yosh toifalaridagi sayyohlar uchun qiziqarli manzilga aylanayotganini tasdiqlaydi.


