2026-yilda issiqlik elektr stansiyalarida taʼmirlash kampaniyasi natijasida qo‘shimcha 182 MVt quvvat tiklanadi hamda eskirish darajasi 49 foizdan 47 foizga pasayadi.
Joriy yilda issiqlik elektr stansiyalarida taʼmirlash kampaniyasi doirasida jami 35 ta energoqurilmada mukammal va o‘rta taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, 9 ta energoblok, 12 ta qozon qurilmasi, 6 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmasi, 3 ta turbina qurilmasi hamda 2 ta gaz-porshen agregati taʼmirlanadi.
Hozirgi kunda generatsiya tizimining asosi bo‘lgan davlat issiqlik elektr stansiyalarining umumiy quvvati 13 277 MVtga teng bo‘lgan 153 ta energoqurilmasi ishlamoqda, ularning 37 tasini (6 711 MVt yoki 51 foizi) yangi zamonaviy, energiya samarador hamda tejamkor qurilmalar, qolgan 116 tasini (6 566 MVt yoki 49 foizi) anʼanaviy qurilmalar tashkil etadi.
2026-2027 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida issiqlik elektr stansiyalaridagi taʼmirlash ishlari yakunlangandan so‘ng, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari elektr energiyasi bo‘yicha 182 MVtga, issiqlik energiyasi bo‘yicha esa 200 Gkal/soatga tiklanadi hamda uskunalarning eskirish darajasi 49 foizdan 47 foizga pasayishiga erishiladi.
Bu borada, mavsumga tayyorgarlik jarayonida tasdiqlangan ish rejalariga qatʼiy rioya etish, sozlash ishlarini sifatli bajarish hamda ijro intizomini taʼminlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilangan. Shu bilan birga, joriy taʼmirlash kampaniyasini samarali tashkil etish maqsadida mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish ham amalga oshiriladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, taʼmirlash ishlarida ishlab chiqaruvchi korxonalar - “General Electric” (AQSH), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya), “Harbin Electric Corporation” (Xitoy) kompaniyalari mutaxassislari ham ishtirok etadilar.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati


