O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etdi.
Tadbirda yetakchi xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari qatnashdi. Jumladan, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy, Butunjahon antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, “World Boxing” prezidenti Gennadiy Golovkin, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri Mixail Degtyaryov, Saudiya Arabistoni sport vaziri Abdulaziz bin Turkiy Ol Saud, Qatar yoshlar va sport vaziri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy ham qatnashdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida sport bugungi murakkab va ziddiyatli dunyoda xalqlar o‘rtasida muloqot, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlovchi universal vosita ekanini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniyni Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylangani bilan qutlab, uning Osiyo va jahon sportini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekistonning Osiyo Olimpiya kengashi bilan samarali hamkorligi izchil rivojlanayotgani qayd etilib, Kengash Ijroiya qo‘mitasining 77-sessiyasi Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, mamlakatimiz vakilining Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezident etib saylangani hamda 2029-yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi belgilangani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to‘xtaldi. Uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi”, zamonaviy sport infratuzilmalari, jumladan Olimpiya shaharchasi barpo etilgani, sportchilarni tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirilayotgani qayd etildi.
2024-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining muvaffaqiyatli ishtiroki, shuningdek, mamlakatda 15 milliondan ortiq aholi muntazam sport bilan shug‘ullanayotgani alohida e’tirof etildi.
Assambleya doirasida xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari O‘zbekiston milliy federatsiyalari bilan 20 dan ortiq hamkorlik bitimlarini imzoladi. Xususan, Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika klubi rivojlantiriladi, Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasi tashkil etiladi, voleybol va chim ustida xokkey infratuzilmalari barpo etiladi.
O‘zbekistonning halol sport tamoyillariga sodiqligi va dopingga qarshi qat’iy pozitsiyasi yana bir bor tasdiqlandi. Toshkentda Markaziy Osiyo antidoping tashkilotlari yig‘ilishi va xalqaro forum o‘tkazilayotgani ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam sifatida baholandi.
Tadbir yakunida Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy olimpiya harakatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.


