O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi sababli 25 yildan ortiq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi joriy yilning noyabr oyida xorijda qo‘lga olinib, mamlakatga olib kelindi.
Mazkur shaxs diniy-ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan, “hijrat” va “jihod” ni maqsad qilib, 1999-yilda O‘zbekistonni tark etgan. U Afg‘oniston, Pokiston va Suriya davlatlari hududida faoliyat yuritgan turli xalqaro terroristik tuzilmalar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Uzoq yillar davomida boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan bu fuqaro MDHga a’zo davlatlardan birida aniqlanib, qo‘lga olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish), 155-moddasi (terrorizm), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa tegishli moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.


