Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi maktab direktori U.A pora olgani ortidan jinoiy jazoga tortildi. Jabrlanuvchi M.X.ga ko‘ra, U.A jinsiy aloqa ham taklif qilgan. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Maʼlum bo‘lishicha, ushbu dargoh 2025-2026 o‘quv yili uchun taʼlim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar qatoriga kiritilgan. M.X. esa olis va qizil hududlarda ishlaganlarga 50 foiz ustama belgilanganini bilib, ro‘yxatda keltirilgan maktab direktorlariga qo‘ng‘iroq qilib chiqqan. Xususan, U.A.ga Ko‘kdaladagi umumiy o‘rta taʼlim maktabida ingliz tilidan dars berishini, ustamali maktablarga o‘tish niyati borligini aytgan. O‘qituvchi direktordan bo‘sh turgan o‘ringa ishga olish-olmaslikni so‘raganda, yaqinda Qarshi shahriga borishini, o‘shanda uchrashib gaplashishni, maktabda taʼmirlash ishlari ketayotganini bildirgan.
2025-yil 14-iyul kuni esa U.A. M.X. ga qo‘ng‘iroq qilib, uni “Ipoteka-Bank” oldiga chaqirgan. Jabrlanuvchi esa tegishli hujjatlari bilan aytilgan joyga borgan.
“U hujjatlarimni oldi, keyin mashinasida o‘tirib gaplashishni taklif qildi. "Stoyanka"da turgan oq rangli Gentra‘ga o‘tirdim. U.A. suhbat davomida maktabga ishga kirmoqchi bo‘lganlar ko‘pligini aytdi. Shundan so‘ng, u “men boshqa o‘qituvchilarni ishga olmoqchi emasman, ishga olsam, men faqat sizni ishga olaman, chunki sizning ovozingiz menga yoqib qoldi. Erkakcha gap, gap bitta sizni ishga olaman. Men qaysi o‘qituvchini ishga olsam, uning bir oylik ish haqini olaman. Bu dollarda 800 bo‘ladi, mayli, siz 400 bering, qolganiga esa sizga bir taklifim bor” deb aytdi.
Keyin qanday taklifligini so‘radim. U “men sizga qiziqib qoldim, taklifim-bir marta yotaylik”, dedi.
“Men siz bilan kelishamiz deb o‘ylagan edim, siz meni kim deb o‘ylayapsiz, buyoqqa bering hujjatlarimni” dedim. Keyin mashinasidan hujjatlarimi olib tushib ketdim”- deydi jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Bu holatdan keyin o‘qituvchi bunday buzuq shaxslar taʼlim tizimida ishlashini noo‘rin hisoblab, DXX viloyat boshqarmasiga ariza yozgan. Shundan so‘ng, M.X. direktorga qo‘ng‘iroq qilib, uning taklifiga rozilik bergan. Bu suhbat esa tegishli qurilmaga yozib olingan.
16-iyul kuni Ahmedov o‘qituvchini uchrashuvga taklif qilgan. Ammo, rad javobdan keyin ko‘rishuv 17-iyulga belgilangan. Uchrashuv oldidan viloyat DXX boshqarmasi vakillari maxsus tadbir qanday o‘tishini tushuntirgan. Direktor kelishilgan manzilga kelgach, M.X. uning mashinasiga chiqqan. Shunda U.A. avval o‘zi talab qilgan pul mablag‘ini so‘ramasdan jinsiy aloqa qilishga harakat qilgan.
Jabrlanuvchi bunga rozilik bermay, 400 dollarni tutqazgan, biroq direktor uni “pul o‘zingizda tursin, keyin”, deya olmagan. O‘qituvchi ishga olingandan keyin direktorning taklifiga rozi bo‘lishini bildirgan. Lekin U.A. taklifi birinchi bajarilishini aytib, so‘zida qatʼiy turib olgan. M.X. esa “mayli, men hozir qaynopamlarni jo‘natib yuboray” deb mashinadan tushib, “Marjon” supermarketida biroz aylangan. “Oshiq” esa kutib turgan.
Jabrlanuvchi tushlik vaqti bo‘lib qolganini, biron joyda ovqatlanish haqida SMS yozgan. Direktor esa “Sharshara” choyxonasiga kelishni aytgan. Jabrlanuvchi bu tammadixona yoqmasligini, “Iqbol”ga borishni taklif qilgan. O‘zaro kelishuvdan keyin direktor choyxonaga kechroq kelgan. Xo‘jamqulova buning sababini so‘raganda, hokimning birinchi o‘rinbosari U.A.dan tanishini ishga olishni so‘raganligini, talabgor esa 1000 dollar bermoqchi ekanligini aytgan.
“Shunga meni kimdir kuzatyaptimi-yo‘qmi deb tekshirib keldim”, degan u savolga javoban.
Ovqatlanish chog‘ida, Xo‘jamqulova 400 dollarni stol ustiga qo‘ygan. Maktab direktori esa “pulni men qo‘lim bilan ushlamayman, buni sumkangizga solib qo‘ying, mashinaga o‘tirganimizdan keyin uni qayerga qo‘yishingizni o‘zim aytaman”, deya pullarni ikkinchi marta olmagan.
So‘ngra, M.X. direktorga bolalarini bog‘chadan olish vaqti bo‘lganini aytgach, ikkovi mashinaga o‘tirib yo‘lga otlangan. Harakat chog‘ida o‘qituvchi pullarni qayerga qo‘yish haqida so‘ragan. U.A. esa ikki o‘rindiq o‘rtasidagi barni ochib, pulni shu yerga tashlashni, va uni yopishni so‘ragan. Shundan keyin M.X organ xodimlariga SMS tarzida kelishilgan ishorani bergan. U.A. esa yo‘nalishni o‘zgartirgan va hamrohining qo‘lini ushlab tegajog‘lik qilgan. Jabrlanuvchi esa buyruq chiqsa, o‘sha ish bo‘lishini, hozir esa bog‘chaga borishi kerakligini aytgan. Direktor esa “aylanib kelamiz” deb harakatni bog‘chaga o‘zgartirmagan. Bundan jahli chiqqan o‘qituvchi avtomobilni 2-sonli IIB binosi yaqiniga to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, organ xodimlari mashinani xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirgan.
Jabrlanuvchi M.X o‘z ko‘rsatmasi davomida, suddan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sudlanuvchi esa aybiga qisman iqror bo‘lgan.
2025-yil 16-dekabr kuni JIB Ko‘kdala tuman sudi tomonlarni eshitib, U.A.ga 4 yil-u 6 oy 28 kun muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Qashqadaryo viloyati hududidan chiqmaslik kabi taqiqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 16-oktyabr kuni xuddi shu tumanning 17-umumtaʼlim maktabi direktori A.R. jinsiy aloqa taklifi ortidan ishdan olingandi.
Shahzod O'roqboyev


