Maktab bitiruvchilarining 2022-yilgi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari natijasi tahlil qilindi.
Xabar berilganidek, 2022-yilgi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari (test sinovi)da maktab bitiruvchilarining o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari tahlil etildi. Taʼkidlash joizki, ushbu maʼlumotlar Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tayyorlandi.
2022-yilda jami 385 437 nafar maktab bitiruvchilaridan 295 393 nafari, yoki 77 foizi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida ishtirok etgan. Ularning 85 869 nafari yoki 23 foizi davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan +4% ga, 2020 yilga nisbatan +12% ga oshgan.
Mamlakatimiz miqyosida maktab bitiruvchilarining test sinovlaridagi o‘rtacha ball ko‘rsatkichi 76,1 ballni tashkil etgan bo‘lib, bu natija 2021-yilga nisbatan +1,2 ballga, 2020-yilga nisbatan +6,3 ballga oshganganligi ko‘rsatib turibdi (2020 yilda 69,8 ball, 2021 yilda 74,9 ball).
Maktab bitiruvchilarining o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tish balidan past (56,7 balldan) bo‘lgan yurtimizdagi 519 ta umumtaʼlim maktab hozirda alohida nazoratga olingan bo‘lib, ularda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahorati va salohiyatini oshirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.


