Taxminan 55 metr kenglikka ega bo‘lgan va soatiga 48 000 km tezlikda harakatlanayotgan bu asteroid insoniyat sivilizatsiyasini yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lmasa-da, agar Yerga tushsa, katta shaharni butunlay vayron qilishi mumkin. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday zarba 8 megatonna energiya chiqarib, Xirosimaga tashlangan atom bombasidan 500 baravar kuchliroq bo‘lishi mumkin.
Oy bilan ehtimoliy to‘qnashuv haqida fikr bildirgan Arizona universitetining Catalina Sky Survey muhandisi Deyvid Renkin asteroidning Oy bilan to‘qnashish ehtimoli 0,3 foiz ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bunday hodisa Yer yuzidan ham yaqqol ko‘rinishi mumkin.
“To‘qnashuv natijasida ma’lum materiallarning Yerga yetib kelishi ehtimoli bor, biroq men buni jiddiy xavf tug‘diradigan darajada deb o‘ylamayman”,-deydi Renkin.
Unga ko‘ra, Oyga urilish Xirosimadagi portlashdan 340 baravar kuchli energiya ajralib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Hozircha asteroidning ham Yer, ham Oy bilan to‘qnashish ehtimoli nihoyatda past. Shunga qaramay, olimlar Jeyms Uebb kosmik teleskopidan foydalanishga ruxsat oldilar. Bu teleskop asteroidning hajmi va harakat trayektoriyasi bo‘yicha aniqroq ma’lumot olishga yordam beradi, chunki kelgusi yillarda bu asteroid ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi mumkin.
“Bugungi kunda asteroidning Yer bilan to‘qnashmay o‘tib ketish ehtimoli 97,9 foizni tashkil qiladi. Ehtimollik 1foizdan 2 foizga ko‘tarilgani shov-shuvga sabab bo‘ldi, ammo bu 40 foizdan 80 foizgacha o‘sishga teng kelmaydi”, - deydi Renkin.


