Joriy yilning 16 mart kuni Toshkent shahridagi tungi klub oldida zo‘ravonlik qilib, 8 yilga qamalgan Akmal Shukurov ozodlikka chiqarilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, u taftish instansiyasi ajrimi bilan yana qamoqqa qaytarildi. Sudyalar oliy kengashi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan A. Shukurovga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilib chiqilishi bilan bog‘liq holatlarga oydinlik kiritish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
“Xizmat tekshiruvi Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tkazilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 16 mart kuni tunda esa u Yakkasaroy tumanidagi “The Tower” mehmonxonasi yonida restorandan chiqqan K.Ye.ga tegajog‘lik qilgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i A.X. xotinining shaʼnini himoya qilganida Akmal Shukurov erkak va ayolga, shuningdek, voqea joyida bo‘lgan E.K.ga zarba bergan. Buning oqibatida X.A. va E.K. yengil tan jarohati olishgan.


