Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Taʼkidlanganishicha, mehnat migratsiyasi hajmining ortishi, xorijda bo‘lib qaytayotgan fuqarolar sonining ko‘payishi hamda chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltiryapti.
Ushbu qonun loyihasi inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklarni oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 90 kundan ortiq muddatda chet elda bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolarini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatimizga kelgan xorijliklarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Xususan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Yig‘ilishda tashabbuskorlar deputat Sherzod Qulmatovning nima uchun 90 kun belgilanayotgani masalasiga izoh berarkan, bu yuqumli kasallik inson organizmida 90 kundan so‘ng o‘zini namoyon qilishini qayd etdi. U shuningdek, chet eldan qaytgan fuqaro agar o‘zining, oilasining sog‘ligini o‘ylasa, tezda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozimligini bildirdi.
Uning bildirishicha, mazkur hujjat inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha taʼsirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.


