2022 yil 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Jon Blinken ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro qutlov maktublari yo‘lladilar.
Abdulaziz Kamilov o‘z maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidladi. Mamlakatlarimiz o‘zaro hurmat tamoyili asosida siyosat, iqtisodiyot, inson huquqlari va madaniyat sohalaridagi qator masalalar bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.
Anʼanaviy o‘tkazib kelingan maslahatlashuvlar mexanizmi Strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarilib, uning birinchi majlisi 2021 yilda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tashkil etilgani alohida bildiriladi.
AQSH bilan xalqaro va mintaqaviy formatlar, jumladan, “C5+1” mexanizmi doirasidagi samarali hamkorlik eʼtirof etiladi. Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi ham qayd etiladi.
Entoni Blinken O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy yangilanishlar dasturiga yuqori baho beradi.
Maktub yakunida E.Blinken Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston olib borayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligini maʼlum qiladi.


