1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Afg‘onistonda gumanitar yordam tanqisligi kuzatilmoqda

Bu esa millionlab afg‘onlar uchun falokat bo‘lishi mumkin.

Afg‘onistonda gumanitar yordam tanqisligi kuzatilmoqda

 

BMT Afg‘onistondagi insonparvarlik ehtiyojlari uchun mablag‘ tanqisligini kuzatilayotganini maʼlum qildi. Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, moliyalashtirish taqchilligi 1,3 milliard dollarni tashkil etgan. Shu sababli ko‘plab dasturlar sezilarli darajada qisqartirildi. Bu oziq-ovqat yordamiga ham tegishli.

 

Tashkilot mamlakatdagi yordam operatsiyalari jiddiy moliyaviy tafovutga duch kelishidan ogohlantiradi. Agar sovuq tushgunicha bu zarurat qoplanmasa, millionlab afg‘onlarni falokat kutmoqda.

 

Avvalroq Tolibon Kobul va boshqa viloyatlarda go‘zallik salonlari faoliyatini taqiqlab qo‘ygan edi. Baʼzi muassasalar egalarining Aytishicha, bugungi kunda ayollarning go‘zallik salonlarida ishlashi o‘z oilasini taʼminlashning yagona yo‘li hisoblanadi. “Bizning erkaklarda ish yo‘q. Erkak o‘z oilasini boqa olmasa, ayollar salonlarda ishlashga majbur... Go‘zallik salonlari yopilsa nima qilishimiz kerak?” – deydi ulardan biri.

 

Yana bir salon egasining Aytishicha, afg‘on hukumati ayollar ishlamasligi uchun erkaklar uchun ish o‘rinlari yaratishi kerak. Tolibonning ushbu qarori ishsizlar sonining yanada ortishiga olib keldi.

 

Bundan oldin BMTning muvofiqlashtirish markazi g‘alla bitimi doirasida qashshoq mamlakatlar makkajo‘xorining atigi 10 foizi va bug‘doyning 40 foizini olgani, ularning katta qismi boy mamlakatlarga yuborilgani haqida xabar bergan edi. Maʼlumotlarga ko‘ra, yil davomida Afg‘oniston, Efiopiya, Somali, Sudan va Yamanni o‘z ichiga olgan kam daromadli davlatlar kelishuv bo‘yicha 33 million tonnadan ortiq yuk olgan.

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari afg‘onlarni tarixning “bu xavfli davrida” qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

 

“Xalqaro hamjamiyat zudlik bilan o‘z tarixining “eng xavfli davri”ni boshdan kechirayotgan millionlab afg‘onlarga yordam ko‘rsatishi kerak. Afg‘onistonliklarning mamlakatdan ommaviy chiqib ketishining va sizning davlatingizda muhojir bo‘lishining oldini olishni istasangiz, Afg‘onistonga yordam bering”, – deydi bosh kotib.

 

Tolibon harakati AQSH o‘z kuchlarini olib chiqish niyatini eʼlon qilganidan so‘ng Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani boshladi. 2021 yil 15 avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani xorijga qochib ketdi va Tolibon jangsiz Kobulga kirib keldi. 2021 yil sentyabr oyi boshida AQSH harbiylari Afg‘onistonni butunlay tark etib, bu mamlakatdagi deyarli 20 yillik faoliyatini yakunladi.

 

Shundan keyin mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy muammolar avj ola boshladi. Tolibonning ayniqsa ayollarga ko‘plab sohalardagi cheklovlari ortidan xalqaro tashkilotlar mamlakatni tark eta boshladi. Gumanitar loyihalar tugatildi. Shuningdek, Tolibonning qizlar taʼlimiga qo‘ygan taqiqi jahon hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan.

 

Tolibon yangi o‘quv yilida ham qizlar uchun maktablarni ochishga vaʼda bermadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson Tolibon bilan so‘nggi muzokaralari natijalarini sharhlar ekan maʼlum qildi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика