Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 29-moddasi 5-qismi quyidagicha ifodalanmoqda. “Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega”.
Konstitutsiyaning mazkur moddasi asosida jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarning afv etishga bo‘lgan huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.
Afv etish akti inson huquqlariga mos bo‘lgan, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hujjat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Afv etish asosida shaxsning aybsizligi yoki aybdorligi aniqlanmaydi, shaxs oqlanmaydi, jinoyat sodir etilganligi inkor qilinmaydi.
Aytish kerakki, afv etish asosida mahkum jazodan to‘liq yoki qisman ozod etilishi yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtirilishi yoxud sudlanganlik olib tashlanishi mumkin. Bu nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, balki chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Individuallik asosida yondashiladi, mahkumning sodir etgan jinoyatining og‘ir yengilligi; xulq-atvori; yetkazilgan zararning qoplanganligi; mahkumning shaxsi, sog‘lig‘i holati, sudlanganligi, oilaviy ahvoli va yoshi kabi holatlari alohida-alohida o‘rganiladi.
Kechirimlilik — xalqimizga xos xislat. Davlat xato qilgan shaxsga qayta imkoniyat taqdim etishi juda muhim. Bu — fuqaroning davlatga bo‘lgan ishonchi va mehrini his etishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Uning Asosiy qonunda mustahkamlanishi esa ana shu ezgu maqsadning kafolatidir.
Jinoyat qilgan insonni jazolashdan maqsad – uni qayta tarbiyalash, xatolarini anglab yetishiga erishish. Shuning uchun ham jinoyatga adashganidan qo‘l urgan shaxslarni jamiyat oldidagi aybini yuvish imkoniyatini berish va oila bag‘riga qaytarish muhim hisoblanadi.
Oxirgi yillarda qo‘llanilgan mahkumlarni afv etish va qayta ijtimoiylashtirish siyosati amalda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. 2017 yildan beri Prezidentimiz tomonidan avf etish to‘g‘risidagi 22 Farmoni qabul qilingan bo‘lib, mazkur hujjatlar 6 mingdan ortiq shaxslar taqdiriga o‘zining ijobiy taʼsirini ko‘rsatgan.
Davlat va jamiyat tomonidan ushbu toifadagi kishilarni manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilgan. Prezidentning PQ-299-son qaroriga muvofiq 2022 yilning sentyabr oyidan boshlab komissiya xulosasi asosida jazoni o‘tab bo‘lgan sobiq mahkumlarga MHEKMning 10 baravari miqdorida “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi" beriladigan bo‘ldi. Ularning tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarini moliyalashtirishda ko‘mak beradi.
Konstitutsiyaga mazkur normani kiritilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlaydi hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Afv zamirida nafaqat kechirimlilik, balki yuksak insonparvarlik mujassam. Negaki, afv etilgan shaxslarning oila aʼzolari, yaqinlari ham bunday insonparvarlik munosabatidan bahramand bo‘ladi. Adolatli jamiyatda aybdorlarni jazoga tortishdan maqsad ularni jazolab yana-da ashaddiylashtirish emas, balki to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli aʼzosiga aylantirishdir. Shunday ekan, ushbu tajribani Konstitutsiyada belgilab qo‘yish barcha uchun manfaatli bo‘ladi.
Afv etilgan bir inson tufayli uning yaqinlari, oila-aʼzolari, do‘stlari, qarindoshlari va yana qancha insonlar turganini unutmaslik kerak. Bu orqali ko‘plab insonlar ko‘nglida davlatga nisbatan ishonchni mustahkamlash mumkin. Bu kabi ishlar tizimli, davomiy bo‘lishi uchun esa uning Konstitutsiyaga kiritilishi juda muhim edi.
Dildora Kamalova,
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent


