DXX respublikaning qator hududlarida OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga chek qo‘ydi.
Jumladan, Qo‘qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, uning o‘g‘lini Qo‘qon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablag‘ini mazkur oliy taʼlim muassasasida dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Farg‘ona shahridagi xususiy universitet direktorining o‘rinbosari muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa-da, fuqaroning O‘sh davlat pedagogika universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko‘chirib berish evaziga 2,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Urganch tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Urganch davlat universitetining Boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


