1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Agar cheklov bo‘lmaganida, allaqachon cho‘lda qolgan bo‘lar edik”. Deputat tadbirkor Murod Nazarovga javob qaytardi

Murod Nazarov Toshkent shahrida uy-joy jarayonlarida daraxtlarni kesishga bo‘lgan cheklovni olib tashlashni, kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi ekib berishni taklif qilgan edi. Deputatga ko‘ra, “qayta ekish” nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayapti yoki qurib qolgan.

“Agar cheklov bo‘lmaganida, allaqachon cho‘lda qolgan bo‘lar edik”. Deputat tadbirkor Murod Nazarovga javob qaytardi

Avvalroq qurilish sohasi tadbirkorlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida tadbirkor Murod Nazarov Toshkent shahrida uy-joy qurilishini amalga oshirish jarayonlarida daraxtlarni kesishga bo‘lgan cheklovni olib tashlashni taklif qilgan edi.

 

Tadbirkorning fikriga ko‘ra, baribir daraxtlar kesilmoqda, shu sababli kesiladigan daraxtlarning o‘rniga avvaldan bir necha karra ko‘p daraxt ekilishi kerakligini bildirdi. Tadbirkorning ushbu taklifidan so‘ng Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev masalaga munosabat bildirdi.

 

“Suv tanqisligi va global issiqlik kabi muammolar yurtimizda kun sayin sezilarli tus olayapti. Bu holatda kelajak avlod uchun har bir daraxtni asrab qolishimiz o‘ta muhim vazifa hisoblanadi. Bitta daraxtni katta qilib o‘stirish uchun kamida o‘n yillab vaqt, sabr va doimiy parvarish talab etiladi.

 

Har bir yetuk daraxt kislorodni chiqarish orqali havoni tozalashi, shovqin darajasini pasaytirishi, haroratni tartibga solishi, tuproq eroziyasini oldini olishi kabi vazifalarni bajarishini nahotki developer bilmasa!?

 

Shu bilan birga, moratoriy bejizga eʼlon qilingani yo‘q. Agar u joriy etilmaganida, bugungi kunda biz cho‘lda qolgan bo‘lar edik. Moratoriyning ahamiyati juda katta — ayrim noqonuniy daraxt kesish holatlariga qaramasdan, ushbu chora-tadbir tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmadi”, - deydi deputat.

 

Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxtni kesishning oldi olingan. Rad etilgan arizalarda ko‘rsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaxo navlarga mansub ekani maʼlum bo‘lgan.

 

“So‘nggi paytlarda “qayta ekish” nomida ko‘chirilayotgan yoki yangi ekilgan ko‘chatlarning aksariyati ko‘karmayotgani, qurub qolayotganini jamoatchilik ko‘rib, kuzatib turibdi. Bu kabi tadbirlar, tabiatni asrash emas, aksincha, faqat daraxtlarni yo‘q qilish orqali ekologiyani yana-da yomon ahvolga solayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Shuningdek, bu kabi yondashuv nafaqat ekologik muvozanatga, balki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida mustahkamlangan atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillariga mutlaqo zid hisoblanadi. Agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, yaʼni ekologik jinoyat sanaladi.

 

Rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangan — ayrim hollarda developerdan yerni qaytarib olishgacha boriladi, daraxtlarni kesish emas, xattoki shikastlangan va qurib qolish xavfi ostidagi daraxtlarni “tiriltirish” bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bunday yondashuvlar tabiatni muhofaza qilishda samarali natija bermoqda. O‘zbekistonda ham bu borada keskin choralar ko‘rish, qonunchilikka ana shunday taʼsirli mexanizmlarni joriy etish vaqti yetib keldi.

 

 

Biz, Ekopartiya deputatlari tadbirkorlarning bu kabi tabiatga beshafqat munosabtalari va takliflariga mutlaqo qarshimiz. Bu kabi chuqur tahlil qilinmasdan bildirilgan takliflar kelgusida tabiatga befarqlik bilan yondashish va ekologik barqarorlikka tahdid soluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuni qatʼiy taʼkidlaymiz: har qanday rivojlanish, bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ekologik manfaatlar hisobiga emas, ular bilan muvozanatda olib borilishi lozim. Qonunchilik tashabbusi sifatida renovatsiya loyihasini amalga oshirishda zarar yetkazilishi mumkin bo‘lmagan obyekt sifatida moratoriy eʼlon qilingan daraxt va butalarning joylashgan joyini qonuniy mustahkamlashga astoyidil xarakat qilamiz”, - deya o‘z munosabatini yakunlagan Abdullayev.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика