28-noyabrdan 2-dekabrga qadar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida Qishloq xo‘jaligi vazirligi xuzuridagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligida strategik rivojlanish va tadqiqotlar markazi (ISCAD), O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki hamda Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi ishtirokida “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi modernizasiyasi” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.
“Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta’minlash va ushbu yo‘nalishda yuqori daromad topish orqali qishloq aholisi, birinchi navbatda ayollar va yoshlarning turmush darajasini oshirishni nazarda tutadi. Tomorqa xo‘jaliklarini tashkil qilish va boshqarishda ko‘nikmalarni oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ularni amaliyotga joriy qilish va yangi, yuqori rentabelli urug‘ va ko‘chatlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi”,– deydi O‘zbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi raisi Adiba Ahmedjonova.
O‘zbekistonning 2020-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot dasturining vazifalaridan biri aholining tomorqa maydonlaridan yanada samarali foydalanish uchun shart-sharoitlarni yaratish hisoblanadi.
Dorivor va dekorativ o‘simliklarni parvarishlash, shuningdek, gulchilikni rivojlantirish o‘simlikshunoslikni yanada taraqqiy ettirish, mamlakat eksport salohiyatini o‘stirish va tomorqalardan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi. Aynan shu soha kichik maydonlardan katta daromad olish imkonini beradi.
O‘quv seminari davomida ishtirokchilar Flowers garden - “Manzarali gullar va daraxtlar” masuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdi va ularga zarur tavsiyalar berildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar turli navga mansub bo‘lgan manzarali o‘simliklar va gullarni parvarishlash agrotexnologiyasiga doir o‘ziga hos xususiyatlar bilan tanishtirildi. Shuningdek ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan manzarali o‘simliklar, mavsumiy, xona va kesma gullar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminarda Turkiyaning Anqara universiteti Bog‘dorchilik kafedrasi va Toshkent davlat agrar universiteti Landshaft dizayn kafedrasi professori Soner Kazaz o‘z tajribalari bilan ishtirok etdi. O‘quv seminari muzokaraga boy bo‘ldi.
Seminar so‘nggida Toshkent viloyati Qibray, Toshkent va Yangiyo‘l tumanlaridan ishtirok etgan 31 nafar xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi va ulardan eng faol bo‘lgan 3 nafariga Manzarali o‘simliklar va gulchilikni rivojlantirish maqsadida Turkiya davlatining Antaliya shaxriga malaka oshirish uchun yo‘llanmalar berildi.


