1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish soliqqa tortish yoki tekshiruvlar uchun o‘tkazilmaydi — Statistika qo‘mitasi

Statistika qo‘mitasi ro‘yxatga olish jarayoni yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga rasmiy izoh berdi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish soliqqa tortish yoki tekshiruvlar uchun o‘tkazilmaydi — Statistika qo‘mitasi

 

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga Statistika qo‘mitasi rasmiy izoh berdi. Qo‘mita mazkur tadbir soliqqa tortish, tekshiruv o‘tkazish yoki jarima qo‘llash bilan mutlaqo bog‘liq emasligini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, ayrim fuqarolar uy-joyi, yer maydoni yoki chorva mollari haqidagi ma’lumotlar keyinchalik ortiqcha soliq solinishiga sabab bo‘lishidan xavotir bildirgan. Statistika qo‘mitasi bunday xavotirlar asossiz ekanini ta’kidlab, ro‘yxatga olish jarayonida berilgan barcha ma’lumotlar qonun asosida qat’iy maxfiy saqlanishini bildirdi.

 

Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, savolnomalarda keltirilgan javoblar hech qaysi boshqa davlat idorasiga uzatilmaydi hamda soliqqa tortish yoki nazorat tadbirlarida foydalanilmaydi. To‘plangan ma’lumotlar faqat umumlashtirilgan statistik tahlil uchun xizmat qiladi. Ya’ni, yer maydonlari yoki chorva soni alohida shaxslar yoki xonadonlar kesimida emas, balki umumiy ko‘rsatkichlar asosida e’lon qilinadi.

 

“Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdan ko‘zlangan maqsad — mamlakatdagi real holatni aniqlash, aholi soni va turmush sharoitlari, qishloq xo‘jaligi salohiyatini baholashdir. Bu orqali qaysi hududda qancha mahsulot yetishtirilayotgani va u aholi ehtiyojini qanchalik qoplayotgani aniqlanadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

 

Mazkur ma’lumotlar asosida davlat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy xizmatlarni samarali rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi ta’kidlangan.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 15-yanvardan 31-yanvargacha aholi va qishloq xo‘jaligini onlayn ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda. Fuqarolar census.stat.uz sayti orqali 71 ta savolga javob berishlari mumkin. Fevral oyidan boshlab esa ro‘yxatga olish ishlari uyma-uy yurish shaklida davom ettiriladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика