Rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalny’ning oila a’zolari uning vafotidan so‘ng xorijga olib chiqilgan biomateriallarda epibatidin moddasi aniqlanganini ma’lum qildi. Biomateriallarni o‘rgangan bir nechta mustaqil laboratoriya ekspertlari bir xil xulosaga kelgan. Bu haqda The Insider nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, biomateriallarni tekshirgan Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya laboratoriyalari vakillari bu borada Myunxen xavfsizlik konferensiyasida qo‘shma bayonot berishni rejalashtirmoqda.
Epibatidin — 1974-yilda kashf etilgan kuchli neyrotoksin bo‘lib, dastlab Janubiy Amerikadagi Epipedobates tricolor turiga mansub daraxt qurbaqasi terisidan ajratib olingan. Keyinchalik u sun’iy yo‘l bilan ham sintez qilingan. Ushbu modda nerv tizimidagi retseptorlarga ta’sir qilib, tanada uvishish, falajlik va nafas olishning to‘xtashiga olib kelishi mumkin.
“The Insider”ga ko‘ra, Navalny’da kuzatilgan alomatlar epibatidinning ma’lum ta’siriga mos keladi. Uni davolagan reanimatolog shifokor Alexander Polupan ham ochiq manbalardagi belgilar ushbu zahar ta’siriga mos kelishini bildirgan.
2025-yil sentabr oyida Yulia Navalnaya Navalny vafotidan so‘ng uning jamoasi biologik material namunalarini qo‘lga kiritib, xorijiy laboratoriyalarga yuborganini ma’lum qilgan edi. Laboratoriyalar mustaqil ravishda tadqiqot o‘tkazib, zaharlanish ehtimolini tasdiqlagan.
Yulia Navalnaya ushbu holat yuzasidan keskin bayonot berib, erining zaharlangani bo‘yicha dalillar mavjudligini aytdi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Alexei Navalny 2024-yil 16-fevral kuni Rossiyaning Arktika hududidagi koloniyada vafot etgan edi.


