Namangan viloyati hokimi dunyoning yirik elektron-onlayn savdo giganti Xitoyning Alibaba korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Viloyat rahbari bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli ekanini taʼkidlab, mahalliy hokimiyat tomonidan kerakli barcha ko‘mak berilishini taʼkidladi.
"Namangan uch respublikaning yetti viloyati joylashgan, 12 million aholi yashovchi vodiyning qulay nuqtasidadir. Malakali kadrlarimiz, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarimiz mavjud. IT-Park ushbu loyihani amalga oshirish uchun qulay joy", — dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.
Alibaba korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou Namanganga bejizga kelishmaganini taʼkidlab, "Tekstil, sanoat, IT, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish uchun Namangan mintaqaviy markaz bo‘ladi", — deya qayd etdi.
Uchrashuvdan so‘ng viloyat rahbari mehmonlarni mintaqaviy markaz uchun tavsiya etilgan IT-Park Namangan filialidagi bino-inshootlar bilan tanishtirdi.


