U bu tartib bilan katta shaharlardagi tirbandliklarni kamaytirish mumkinligiga ishonadi.
“Milliy tiklanish” lideri Prezident rahbarligida o‘tkazilgan yo‘llarda xavfsizlikni taʼminlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etganini, shahar tirbandligini kamaytirishda o‘zida ham ayrim takliflar borligini qayd etdi.
“Jamoat transporti tizimli va sifatli bo‘lsa, aholi xususiy avtomobildan kam foydalanadi. Kuzatiladigan tirbandliklarda jamoat transportining tizimsiz va sifatsizligi katta o‘rin tutadi.
Tirbandlikni keltirib chiqarayotgan oqimning katta qismi talabalar. Tirbandlik ertalab o‘qishga kelish va qaytish vaqtiga to‘g‘ri kelyapti.
Nima uchun davlat xizmatida ish boshlash vaqtini 8:30, oliygohlarda o‘qish boshlash vaqtini 10:00 ga belgilash mumkin emas? Osmon uzilib yerga tushmaydi, lekin jamoat transportiga ham, avtoyo‘llarga ham bosim jiddiy kamayadi”, — deydi Alisher Qodirov.
Shuningdek, u avtobuslarga pul to‘plash rejasi qo‘yilishini ham tanqid qilgan:
“Avtobusga qanday qilib kunlik reja qo‘yish mumkin? U yo‘lovchi terib yurishi emas, belgilangan vaqtda, belgilangan joyda bo‘lishi kerak! Hatto, yo‘lovchisi bo‘lmasa ham!
Avtobus harakati uchun alohida, ajratib qo‘yilgan yo‘l bo‘lishi avtobusni aniq grafik asosida harakatini taʼminlaydi. Menimcha bu tramvay uchun qayta tizim yaratishdan arzonroqqa tushadi”.
Qodirov jamoat transportini jozibali va qulay qilish ham avtomashina oqimini kamaytirish, yo‘llardagi fojialar oldini olishga xizmat qilishini taʼkidlaydi.


