USM Holding asoschisi Alisher Usmonov o‘z singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishiga asos bo‘lgan ma’lumotlarni tarqatgan Germaniya fuqarosiga qarshi sud jarayonida yutib chiqdi. Gamburg viloyat sudi ayblanuvchining Facebook ijtimoiy tarmog‘ida (Meta — ekstremistik deb topilgan va taqiqlangan) joylashtirgan, Usmonov go‘yoki singlisidan Shveysariyadagi Credit Suisse bank hisoblarini yashirishda foydalangan degan mazmundagi postini noqonuniy deb topdi. Mazkur e’lon hozir platformadan o‘chirib tashlangan.
Sud qaroriga ko‘ra, ayblanuvchi mazkur yolg‘on ma’lumotni qayta tarqatgan taqdirda, har bir taqiqlangan post uchun 250 ming yevrogacha jarima yoki olti oygacha, jami ikki yilgacha ma’muriy qamoq jazosiga tortilishi mumkin.
Tadbirkorning advokati Yoaxim Shtaynxofel “Kommersant” nashriga bergan izohida shunday dedi: “Sud Alisher Usmonov va uning yaqinlariga qo‘yilgan sanksiya ayblovlari hech qanday fakt bilan tasdiqlanmaganini yana bir bor ko‘rsatdi. Sanksiya va obro‘ masalalari jurnalistik xatolarga asoslanmasligi kerak”.
Uning qayd etishicha, Gamburg sudi qarori hamda Yevropa Ittifoqi Kengashining Saodat Narziyevani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish qarori ushbu ayblovlar soxta asoslanganini tasdiqlaydi. Advokatning fikricha, hali ham saqlanib turgan sanksiyalar barcha yurisdiktsiyalarda bekor qilinishi lozim.
Saodat Narziyeva 2022-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan edi. Bunga ayrim jurnalistlar Usmonov go‘yoki unga “katta hajmdagi aktivlarni o‘tkazgan” degan iddaolari sabab bo‘lgan. Usmonov va Narziyeva bu ayblovlarni qat’iyan rad etishgan.
2022-yil sentabr oyida Yevropa Ittifoqi Kengashi Narziyevani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi, biroq Buyuk Britaniya tomonidan joriy etilgan cheklovlar hozircha saqlanmoqda.
So‘nggi yillarda Yevropaning qator OAVlari Usmonovga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni isbotlay olmaganini tan olib, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatish bo‘yicha yozma majburiyat bergan. Tadbirkor vakillarining ma’lum qilishicha, 2023–2025 yillar davomida dunyo bo‘yicha 15 ta sud buyrug‘i, 86 ta to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnoma olingan, yuzlab obro‘sizlantiruvchi materiallar o‘chirib tashlangan, mingdan ortiq maqolalarga tuzatish kiritilgan.


