1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Amir Temurning shaxsiy shifokori kim bo‘lgan?

Tarixchi temuriylar davrida faoliyat yuritgan tibbiyot muassasalari va tabiblar haqida maʼlumot berdi.

Amir Temurning shaxsiy shifokori kim bo‘lgan?

 

Sohibqiron Amir Temur davrida Turon zaminida barcha sohalar qatori tibbiyot ham taraqqiy etgan. Tarix fanlari nomzodi Maʼmura Sulaymanova Amir Temur va temuriylar davrida faoliyat yuritgan tibbiyot muassasalari va tabiblar haqida maʼlumot berdi.

 

Uning taʼkidlashicha, Amir Temur davrida har bir shaharda shifoxona bo‘lgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlagan.

 

Jumladan, Samarqandda “Dor ush-shifo” nomli yirik kasalxona bo‘lib, unga o‘z zamonasining taniqli tabibi Mir Sayyid Sharif Sheroziy rahbarlik qilgan. Bu davrda mamlakatda Xisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammad kabi yirik tabiblar yashab o‘tgan.

 

Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lgan. U Sohibqironning barcha safarlarida birga bo‘lar edi.

 

Amir Temur hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarni saltanat korxonasiga rivoj beruvchilar, deb atagan.

 

“Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim”. Bundan ko‘rinadiki, Temur qo‘shinlarida yarador va bemor jangchilarni davolovchi shifokorlar bo‘lgan.

 

Mirzo Ulug‘bek davrida esa tabiblar o‘rtasida mohir jarrohlar ham bor edi. Ulardan biri — Tojiddin Hakim ancha murakkab operatsiyalarni ham qilgan. Masalan, ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolagan.

 

Bu tabib operatsiyadan oldin jarrohlik asboblarini olov ustida qizdirib olib, so‘ng ishlatgan. Amaliyot vaqtida esa qo‘lini tez-tez mayda qilib to‘g‘ralgan piyozga botirib olarkan.

 

Maʼlumki, piyozda mikroblarni o‘ldiruvchi fitotsidlar bo‘ladi. O‘tda qizdirilgan asbob esa tamomila mikrobdan holi bo‘ladi (sterilizatsiyalanadi). Bu jihatdan, Tojiddin Hakimni O‘rta Osiyoda antiseptika usulining asoschisi, desa bo‘ladi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика