Toshkent viloyatidagi mashhur dam olish maskanlari — Amirsoy, Chimyon va Bildirsoyga olib boruvchi avtomobil yo‘lida bir tomonlama harakat tashkil etildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi. Qaror bayram kunlari ushbu hududlarga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshishi bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, chora-tadbirlar jamoat tartibini saqlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, yo‘l-transport hodisalari va tirbandliklarning oldini olish maqsadida joriy etilgan. Tog‘li hududlarda transport oqimi ko‘payishi sababli harakatni tartibga solish zarurati yuzaga kelgan.
Xususan, 4R6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan 92-kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutash joyiga qadar bo‘lgan qismda transport vositalari harakati bir tomonlama etib belgilandi. Haydovchilardan vaqtinchalik cheklovlarga amal qilish va yo‘l belgilariga e’tiborli bo‘lish so‘ralmoqda.


