1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Andijon muzeyi xazinalari nima haqida hikoya qiladi?

Kichkina tangadagi 30 so‘z va boshqa qadimiy artefaktlar.

Andijon muzeyi xazinalari nima haqida hikoya qiladi?

 

Bu qoraxoniylar tangasi. Yupqa va tekis, Qoraxoniylar davrida iqtisodiy inqiroz avj oldi, metall qimmat va tanqis edi. Ammo shunga qaramay, ustalar bitta tangada 30 tagacha so‘z zarb qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Qoidaga ko‘ra, bu Qur’ondan olingan suralar edi. Toki odamlar Muhammad payg‘ambarning o‘gitlarini hech qachon unutmasliklari uchun shunday qilingan.

 

180 dona shunday tangadan iborat xazina Xo‘jaobod tumanida ariq qazish chog‘ida topilgan. Bu topilma Andijon muzeyining noyob kolleksiyasiga kirgan.

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (VOSSU)  “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi noyob, eng nodir eksponatlar tasvirlangan kitobni yaratish ustida ishlamoqda. 

 

Kitob 6 bo‘limdan iborat bo‘lib, muzeyda saqlanayotgan arxeologik, numizmatik, badiiy-hunarmandchilik kolleksiyalari, qo‘lyozma merosi, tasviriy san’at durdonalari haqida batafsil so‘z yuritilgan. O‘quvchilar ushbu qadimiy artefaktlar tarixini o‘rganish va ularning rasmlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

 

Tasavvur qiling-a, O‘zbekiston hududida 1 million yil avval ham odamlar yashagan. Arxeologik tadqiqotlar bizning hududimiz antropogenez markazlaridan biri, ya’ni insonning kelib chiqishi haqida dadil taxmin qilish imkonini beradi.

 

Bir qator tadqiqotlar Markaziy Osiyoni odamlar keyinchalik Yevropa, Sibir va Shimoliy Amerikaga joylashgan mintaqa sifatida ko‘rsatmoqda. Bizning uzoq ajdodlarimiz qanday yashagan? Ular nima bilan shug‘ullangan, nimaga mehr qo‘ygan, madaniyati, an’analari qanday rivojlangan? Antik davr sirlari bilan tanishish, paleolit, mezolit, neolit va eneolit davrlaridagi odamlarning hayoti, urf-odatlari, e’tiqodlari haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, kitobda Andijon viloyatida kulolchilikning rivojlanish, temir ishlab chiqarish va metallga ishlov berish tarixi, tikuvchilik va gilamdo‘zlikning rivoji, yog‘och o‘ymakorligi va manzarali naqqoshlik, milliy kashtachilik, xattotlik va milliy kiyim-kechak san’atlari o‘rin olgan.

 

Kitob-albom kuratori, san’atshunoslik fanlari nomzodi Shahlo Abdullayeva nashrning mazmun-mohiyati, muzeyning noyob eksponatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzeyning numizmatik, qo‘lyozma fondlarining eng nodir eksponatlari, badiiy va hunarmandchilik kolleksiyalarini nashr etish rejalashtirilgan.

 

Imom Zamaxshariyning hijriy 809/1407 yilda yozilgan “Tafsiri Kashshof”ning ikkinchi jildi, Shayx Abu Tolib al-Makkiy qalamiga mansub 908 sahifadan iborat 1098/1687y. “Quvtul kulub” asari, Temuriylar davrining mashhur olimlaridan biri, arab tili, nutq va mantiq fani o‘qituvchisi Mir Sayyid Sharif Jurjoniy (1340-1413) qo‘lyozmasi fonddagi qadimiy nodir asarlar hisoblanadi.

 

Jamg‘armaning noyob qo‘lyozmalari sifatida 1937 yilda mashhur xattot va musavvir Mirzo Ibrohim Subhiy tomonidan qayta yozilgan 54 betlik “Devoni Odam”, 20 betlik “Devoni Mahmud”, 160 betlik “Devoni afg‘on”ni qayd etishimiz mumkin.

 

– Bu kitoblar nafis bezaklari bilan e’tiborni tortadi. Shu bilan birga, Sharq adabiyoti san’atining ko‘zgusi sifatida xattotlik va qo‘lyozma kitoblarning o‘lmas an’analari XX asrda ham yo‘qolmaganiga yorqin misoldir, — deydi Shahlo Abdullayeva. — Muzeyning noyob va nodir eksponati XX asr boshlarida andijonlik hunarmand tomonidan yaratilgan choyshabdir. Unga Sharq xalqlarining o‘rta asr sevgi lirikasi satrlari qo‘llangan.

 

Ey nigorim husn ichida sen kabi jonona yo‘q,

Sham’i ruxsoringa kuygan men kabi parvona yo‘q,

Ishqing boshima sabru qarorim qolmadi mani, 

Toqat etkali bir oshiqi jonona yo‘q...

 

Shu va boshqa ko‘plab eksponatlar milliy muzey kolleksiyalariga bag‘ishlangan kitob-albomni bezatgan. Muzey kolleksiyalari haqidagi matnlar mualliflari muzey xodimlarining o‘zlari: direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rohat Muhamedova, ilmiy xodimlar Avazbek Poziljonov va Iskandar Madg‘oziyevlar hisoblanadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика