Qozog‘istonning Aqtau shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov, Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Murad Guseynov, Qirg‘izistonning madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri birinchi o‘rinbosari Askarali Madaminov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Cham hamda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev ishtirok etdi.
Tadbirda TURKSOY tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi, 2026-yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi, qo‘shma loyihalar va turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida o‘tkazilgan sammitida qabul qilingan “TURKSOY tashkilotini rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mazkur hujjatning ahamiyatini qayd etib, uning ijrosi TURKSOYning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishini bildirdi va qator taklif hamda tashabbuslarni ilgari surdi.
Ma’lumki, TURKSOY Doimiy kengashi qaroriga muvofiq, har yili turkiy tilli davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” sifatida e’lon qilinadi. Bu maqomga loyiq topilgan shaharda va hamkor davlatlarda keng ko‘lamli madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar va uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bu orqali milliy madaniyat xalqaro miqyosda targ‘ib etiladi, sayyohlar oqimi esa sezilarli darajada oshadi.
Quvonarlisi, TURKSOYning 42-yig‘ilishida “Andijon shahri — 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi. Bu qaror yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Bugun kechki qismda o‘tkaziladigan “Aqtau — 2025-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining tantanali yopilish marosimida Andijon shahri hokimligiga maxsus sertifikat topshiriladi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi va tegishli hujjatlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Xiva shahri ham turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatida e’tirof etilgan edi.


