Kuni kecha ijtimoiy tarqmoqlarda Andijon viloyat perinatal markazi hovlisida yashnab turgan 12 ta daraxt kesib tashlangani haqida xabar tarqaldi.
Kun.uz muxbirining aytishicha, kesilgan daraxtlar kasal emas, yam-yashil yashnab turgan sosnalar — ninabargli manzarali daraxtlar. Ular Andijon shahar obodonchilik korxonasi xodimlari tomonidan tunda, ish vaqtidan so‘ng kesib, negadir nomersiz mashinada tashib ketilayotgan bo‘lgan. Shuningdek, xabarda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov perinatal markazning yangi qurilgan binosining oldi ochilsin, deb daraxtlarni kesishni buyurgani haqida yozilgan.
Viloyat hokimligi bu bo‘yicha munosabat bildirib, yuqoridagi ishlar hokim buyrug‘i asosida amalga oshirilganini rad etdi.
Rasmiy ma’lumotga ko'ra, hozirgi kunda viloyat perenatal markazida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari va 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Hududdagi daraxtlar o‘z joyida turibdi va xech kim uni kesib tashlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini bermagan.
“Yuqorida keltirilgan holat viloyat hokimligi tomonidan aloxida nazoratga olindi. Hududda konun buzilish holatlari aniqlangan takdirda ayibdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va bu haqida batafsil axborot berilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi xabarda
Javohirbek TURSUNOV


