Andijon viloyatida katta miqdordagi narkotik modda musodara qilindi, deya xabar bermoqda “O‘zA” axborot agentligi. Qayd etilishicha, Andijon shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Equinox avtomashinasi Oltinko‘l tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 988 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida Andijon shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushbu ajal og‘usini Tojikiston Respublikasidagi narkosavdogarlardan 5500 AQSH dollari evaziga Namangan viloyatining Pop tumani hududiga keltirib berish sharti bilan sotib olganligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda qo‘lga olindi. O‘z navbatida “Equinox” avtomashinasi egasi ushbu giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, jinoiy sherigining yoniga ketayotgan bo‘lgan. Boshqa holatda esa Qirg‘iz Respublikasidan giyohvandlik vositalarini olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan 2 nafar shaxs ushlandi. Xususan, Jalaquduq tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro 100 gr “gashish” moddasini Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1974 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigiga olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan 586 gr “gashish”, jinoiy sherigi uyidan esa 19 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Andijon shahrida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs esa o‘z o‘g‘lining boshqaruvida bo‘lgan KIA avtomashinasida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida Bo‘ston tumanidagi 44-sonli YPX maskanida to‘xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida uning salon qismida Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 673 gr “gashish” moddasi hamda 42 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 14 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi. Andijon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1969 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan narkotik moddalar olib kelib, sotishini boshqalardan sir tutish maqsadida shaharning boshqa hududidan ijaraga uy olganligi aniqlandi. Uning ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan jami 269 gr “gashish” moddasi va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.