Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi bemorlar kaltaklanayotgani haqida xabar tarqaldi.
Viloyat prokuraturasi holatga munosabat bildirib, 2023-yilning 27-oktabrdan 28-oktabrga o‘tar kechasi "Andijon viloyat ruhiy sog‘liqni saqlash" dispanseri kichik tibbiy xodimi U.Sh. bemor M.S.ga qo‘pol munosabatda bo‘lganini qayd etdi.
Mazkur holat yuzasidan tibbiyot muassasasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, 28-oktabrdagi 166-sonli buyruqqa asosan U.Sh. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Andijon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.


