“O‘zsuvtaʼminot” AJ Jizzax viloyati Do‘stlik tumani “Manas” MFY fuqarolarga tarqatilayotgan ichimlik suvi 40 litr uchun 5 ming so‘mga sotilayotgani, bunda suv birinchi navbatda bog‘chalarga berilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu hudud aholisi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Demak, bu yerda yashovchi fuqarolar foydalanilgan uchun suvi belgilangan tarif asosida to‘lovlarni amalga oshirib kelgan.
Kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida ayrim aholi xonadonlaridagi ichki tarmoqlar muzlab qolgan. Ichki tarmoqlarning muzlab qolishining oldini olish chorasini ko‘rish isteʼmolchining o‘z majburiyatidir. Bu isteʼmolchi va suv taʼminoti korxonasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada ham ko‘rsatilgan.
Biroq shunday sharoitda aholi suvsiz qolmasligi uchun suv taʼminoti xodimlari amaliy yordam sifatida ichimlik suvini maxsus transport vositalari yordamida yetkazyapti.
Maxsus suv tashuvchi transport vositalari yordamida yetkazib berilayotgan ichimlik suvini ishlab chiqarish hamda uni yetkazib berish uchun sarflanadigan yoqilg‘i xarajatlarini inobatga olib, "Jizzax suv taʼminoti" MCHJning hisob-kitoblariga asosan maxsus suv tashuvchi transport vositalarida yetkazib berilayotgan 1 litr suvning narxi 25 so‘m etib belgilangan.
Suv taʼminoti xodimi sizdan yetkazib berilgan ichimlik suvi uchun ortiqcha pul talab qilgan holda yoxud korrupsiya bilan bog‘liq boshqa holatlarda quyidagi telefon raqamlari va elektron manzillarga murojaat qilishingizni so‘raymiz, deyiladi xabarda:
“O‘zsuvtaʼminot” AJning yagona koll-markazi: 12-55;
+99855-503-10-55 raqamli “ishonch telefoni”;
anticor@uzsuv.uz "elektron pochtasi";
@UzsuvAnticorruptionBot "telegram boti".


