Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasining Sochidan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘nganidan so‘ng yonib ketdi. 24 noyabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan voqeani Rosaviatsiya matbuot kotibi Artem Korenyako o‘zining Telegramʼdagi kanalida tasdiqladi.
U Rossiyaning Antaliyadagi bosh konsulligiga tayangan holda aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida samolyot yo‘lovchilaridan hech biri jabrlanmaganini aytdi. Aviakompaniya ham qurbonlar yo‘qligini tasdiqladi. Samolyot komandiri yo‘lovchilarni maxsus traplar yordamida evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, “Azimut” ortga qaytish uchun zaxira samolyot tayyorlamoqda. Turkiya Transport vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, samolyotda 95 kishi bo‘lgan. Antaliya aeroporti bortda 91 kishi bo‘lganini maʼlum qildi.
Korenyakoning so‘zlariga ko‘ra, kemadagi yong‘in Turkiya aeroportining qutqaruv guruhi tomonidan tezda o‘chirilgan.
AirportHaber Turkiya aviatsiya portali xabariga ko‘ra, Superjet 100 dvigateli yonib ketgan. Mash Telegram-kanalining yozishicha, samolyot qo‘nish vaqtida chap qanoti bilan uchish-qo‘nish yo‘lagiga urilgan bo‘lishi mumkin.
Aviakompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, Superjet kuchli yomg‘ir va shamol tufayli noqulay ob-havo sharoitida qattiq qo‘nganidan so‘ng yonib ketgan.


