AQSH O‘zbekiston va Tojikistonning Afg‘onistonda terroristlarga qarshi kurashda yordam berishi evaziga ushbu davlatlarga ellikka yaqin harbiy samolyoti va vertolyotlarini berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Politico onlayn-nashri maʼlum qildi.
Gap Amerikaning o‘tgan yili afg‘on uchuvchilari toliblardan omon qolish uchun O‘zbekiston bilan Tojikistonga olib qochib o‘tgan samolyot va vertolyotlar haqida ketmoqda.
«Reja shundaki, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralarini qo‘riqlashdagi xavfsizlikni kuchaytirish va terrorchilikka qarshi kurash sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha norasmiy kelishuvga ko‘ra, havo kemalarining ayrimlarini O‘zbekiston va Tojikiston hukumatiga berish», – degan xabarda ismini sir tutgan mansabdor.
Politico nashrining yozishicha, «Tolibon» qo‘shnilaridan AQSH Afg‘onistonda ag‘darilgan hukumatni taʼminlab kelgan yengil jangovar samolyotlar va vertolyotlarni qaytarib berishni talab qilib kelmoqda.


