Bugun, 8-sentabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrif buyurdi. Uning tashrifi avval ma’lum qilinmagan, deya xabar bermoqda “Associated Press” nashri.
Rasmiylar bilan uchrashuvlarda AQSH vakili Ukrainaga, shuningdek, Yevropaning 18 davlatiga ularning mudofaasini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun harbiy yordam sifatida 2 milliard dollar ajratilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSH Ukrainaga yana 675 million dollarlik harbiy yordam paketini ma’qullaganini e’lon qildi.
2021-yil yanvaridan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha 13,5 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan. Tasdiqlangan yangi yordam paketi hisobga olinsa, bu mablag‘ 14 milliard dollardan oshadi.


