AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlari 24-yanvar kuni Minneapolis shahrida 37 yoshli erkakni otib o‘ldirdi. CNN va NPR xabarlariga ko‘ra, hodisa federal xodimlar tomonidan o‘tkazilayotgan deportatsiya operatsiyasi vaqtida yuz bergan.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, erkak huquq-tartibot xodimlariga to‘pponcha bilan yaqinlashgan. Dastlab uni qurolsizlantirishga urinishgan, biroq u kuch bilan qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng federal xodim o‘z hayoti va atrofdagilar xavfsizligini himoya qilish maqsadida o‘q uzgan.
Vazirlik hodisa joyidan 9 mm kalibrli yarim avtomatik to‘pponcha topilgani aks etgan suratni ham e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lgan shaxs tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq ish bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan va amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan migrant sifatida ko‘rsatilgan. Biroq Minneapolis politsiyasi rahbari Brayan O’Xara uning AQSH fuqarosi bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emasligini aytdi.
Hodisa jamoatchilikda keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Minnesota shtati gubernatori Tim Uolts federal ofitserlar harakatini qoralab, prezident Donald Trampdan deportatsiya jarayonlarida federal kuchlardan foydalanishni to‘xtatishni talab qildi. Tramp esa, aksincha, ICE xodimlarini qo‘llab-quvvatlab, ular qurollangan shaxsdan o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lganini ta’kidladi.
