Bugun, 3-yanvar kuni AQSH tomonidan Venesuela hududiga aviazarbalar berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Reuters agentligi va mahalliy manbalarga ko‘ra, Venesuela poytaxti Karakas shahrida bir necha kuchli portlash ovozlari eshitilgan, osmonda tutun kuzatilgan hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirilgan.
Mahalliy aholining bildirishicha, zarbalar asosan Karakasning janubiy qismiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Fort-Tiuna harbiy hududi va generalissimus Fransisko de Miranda nomidagi aviabaza yaqinida portlashlar qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt hududida kamida o‘nga yaqin harbiy va strategik obyektlar nishonga olingan.
Shuningdek, mamlakat shimolida joylashgan Vargas shtatidagi La-Guayra harbiy-dengiz bazasi ham zarbaga uchragani haqida xabarlar mavjud. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Karakas osmonida AQSHga tegishli vertolyotlar, jumladan “Chinook” turidagi og‘ir yuk tashuvchi desant vertolyotlari harakati kuzatilgan.
Bunga javoban Venesuela Harbiy-havo kuchlari havo hujumi xavfini e’lon qilgan va Su-30MKV qiruvchi samolyotlarini favqulodda tarzda havoga ko‘targan. Ular mamlakat havo hududini himoya qilish va ehtimoliy tahdidlarni to‘xtatish uchun yo‘naltirilgani aytilmoqda.
Mazkur holatlar Vashingtonning so‘nggi oylarda Venesuelaga nisbatan bosimni kuchaytirishi fonida yuz berayotgani qayd etilmoqda. AQSH ma’muriyati avvalroq Nikolas Maduro hukumatiga qarshi sanksiyalarni kengaytirish, mintaqadagi harbiy ishtirokni oshirish hamda narkotrafikka qarshi operatsiyalarni faollashtirish niyatini bildirgan edi.
Karakasdagi portlashlar ortidan ayrim tumanlarda elektr ta’minoti uzilgani va aholi o‘rtasida xavotir kuchaygani xabar qilinmoqda. Rasmiy Karakas hozircha qurbonlar yoki yetkazilgan zarar ko‘lami bo‘yicha aniq ma’lumot bermadi.


