AQShning Minnesota shtati, Minneapolis shahrida Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xodimi tomonidan ayol otib o‘ldirildi. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yo‘l o‘rtasida to‘xtab qolgan SUV avtomobili atrofida sodir bo‘lgan. Kuzatuv kameralarida ICE xodimlari transport vositasiga yaqinlashgani, xodimlardan biri eshikni ochishni talab qilib, tutqichni ushlagani aks etgan. Avtomobil oldinga harakatlana boshlagan paytda, uning oldida turgan ICE xodimi qurolidan kamida ikki marta o‘q uzgan. Oqibatda avtomobilni boshqarib kelayotgan ayol halok bo‘lgan. CBS telekanali ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan ayol AQSh fuqarosi bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan Minneapolis meri Jeykob Frey ICEni shaharni tark etishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, agentlik sodir bo‘lgan voqeani “o‘zini himoya qilish” sifatida ko‘rsatishga urinmoqda, biroq bu izohni u “asossiz” deb baholagan.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem esa ayol ICE xodimlarini avtomobil bilan bosib o‘tishga uringanini, hattoki ulardan biriga zarba berganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham voqeani sharhlar ekan, ayol ICE xodimiga “qasddan va zo‘ravonlik bilan” qarshilik ko‘rsatganini aytdi.
Shuningdek, Donald Tramp Truth Social platformasida e’lon qilgan bayonotida otishma “o‘zini himoya qilish” doirasida sodir bo‘lganini bildirib, ICE xodimlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Prezident voqea uchun “radikal chap qanot”ni ayblagan.


