AQSH birinchi xonimi Jill Bayden Ruminiya poytaxti Buxarestga tashrif buyurdi. U bir guruh ukrainalik qochqin onalar bilan uchrashdi.
U ayollarni kuchi va chidamliligi uchun maqtagan.
Virjiniyadagi jamoat kollejida ingliz tili va yozuvdan dars beradigan Bayden xonim Ruminiya va Slovakiya bo‘ylab safarda bo‘lib, bu mamlakatlarda joylashtirilgan amerikalik harbiylar va qochqinlar bilan uchrashmoqda. Prezident Jo Baydenning rafiqasiga Ruminiyaning birinchi xonimi Karmen Yoxannis hamrohlik qildi.
Rossiya bosqinini boshlaganidan beri 910 mingga yaqin ukrainaliklar Ruminiyaga qochib o‘tdi. Xayriya tashkilotlari, mahalliy hokimiyat va davlat idoralari oziq-ovqat, boshpana va transport bilan ta’minlash uchun minglab ko‘ngillilar bilan birga ish olib bormoqda.


