Maymun chechagi virusi sababli AQSHning Kaliforniya va Illinoys shtatlarida favqulodda holat joriy etildi.
Favqulodda holat shtatlarni kasallik bilan kurashish uchun barcha mavjud sog‘liqni saqlash resurslari bilan taʼminlaydi.
Gubernatorlar maʼmuriyatiga ko‘ra, shtatlar vaksinalarni shoshilinch ravishda sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ularning sog‘liqni saqlash bo‘limlariga vaksinalarni tarqatish uchun to‘liq vakolat beriladi.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotlariga ko‘ra, Nyu-York (1390), Kaliforniya (827) va Illinoys (520) maymun chechagi bilan kasallanganlar soni eng yuqori bo‘lgan shtatlardir.


