ArMI-2022 VIII Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan "Yo‘l patruli" musobaqasining mutlaq g‘olibi deya topilgan O‘zbekiston jamoasi oltin medallar bilan taqdirlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qo‘qonda xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilayotgan "Yo‘l patruli" musobaqasining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, musobaqada uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasi jamoasi aʼzolari bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Rossiya Federatsiyasi jamoasiga esa kumush medallari topshirildi.
O‘zbekiston jamoasi aʼzolariga armiya o‘yinlari kubogi hamda musobaqa bosh sovrini “Chevrolet Gentra” avtomashinasining kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Maʼlumot uchun, 4 kun davom etgan ushbu musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasining harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar bahs olib borishdi.
Jami 2 ta bosqich 6 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan jamoalar, "individual poyga", "texnik tanaffus", "ekstremal to‘xtash", "parallel parkovka", "kontravariya", "harbiy estafeta" kabi shartlarni bajargan holda o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini amalda namoyon qilishdi.


